Qisqa qilib mana shu olmani eb qo'yib gunohkor bo'lgan Odam Ato va Momo Havodan tarqalgan avlodmiz,desam ham bo'lar edi.Lekin keyinchi,degan savol tugilar ekan. Maktabda o'qib yurgan kezlarimizda ''Bizning oila'' mavzusida bayon yozar edik.Mening kamchiliklarimdan biri boshqa mavzularda istagancha insho etishim mumkin,lekin o'zimizning oila yoki avlod haqida yozishga kelganda dangasaligim tutadi.Bilmadim nega shunaqa.Bu gal ham ushbularni o'z istagim bilan yozishga kirishganim yo'q.Ustozlarning biri shunday qilsangiz yahshi bo'lardi,degan tavsiya berdi... Mana endi qalam qitirlatib avlodimiz haqida baholiqudrat bilganlarimni chizib o'tiribman. * * * DADAM Dadam Hamrohoja Boltahoja ogli Obidov - shu yil 100 yoshga to'ladilar.U kishi Toshkentdagi hozirgi Qishloq xo'jaligi oliygoxini tamomlagan qishlogimizdagi birinchi oliy ma'lumotli dexqon.40 yil raxbarlik lavozimlarida ishlagan. Dadamning dadasi - bobom esa boy savdogar bo'lgani uchun 1920 yillarda ( aniq sanani dadam ham,men ham bilmaymiz .R.O.) 100 boshdan ortiq otlarini sho'ro tortib olib,o'zini tunda noma'lum kishilar pichoqlab ketishgan.Qotilning kimligini ko'rib qolgan dadamning onasi - buvimni o'sha tunda boshini tanasidan judo qilishgan. Extimol mening avlodimiz haqida yozishga jazm etolmasligimning boisi mana shu fojealar dahshatidan bo'lsa kerak.Bu holni ko'rgan dadam ovoz chiqarsa uni ham o'ldirishlarini payqab,dahshatdan qotgancha yotavergan... Shundan so'ng yetim qolgan dadamni xavfsizlik nuqtai-nazaridan bo'lsa kerak qarindoshlaridan biri boshqa tumanga olib ketgan...Dadamning bolaligi bo'lmagan. ...1937 yili endigina Toshkentdagi rahbar-kadrlar tayyorlash kursini bitirib kelgan dadamni o'sha paytdagi ''Ittifoq'' kolxoziga rais etib saylashadi.Lekin oradan yarim yil o'tmay,kimlarningdir chaquvi bilan ''davlat dushmanining bolasi'',deya qamoqqa olishadi.O'sha yillari Namangan viloyat ijroiya qo'mitasi raisi bo'lib ishlagan Buxorolik Olimov(ismi yodimda yo'q) degan kishi nohaq qamalgan,deya dadamni ozodlikka chiqarishga erishadi.Buning sababi bo'lib,agar dadam qamalib ketaversa, qandaydir qarindoshligi bo'lgan Olimov ham omon qolmas ekan. Bu dadamning o'tmishi haqida edi.Dadamni birinchi matbuotda tanqid qilgan qalamkashi haqida. 5-sinfda o'qib yurgan kezlarimda Yangiqo'rgon tumani ''Mexnat bayrogi'' gazetasining jamoatchi muxbiri edim.Qishlogimizdagi va atrofdagi qishloqlardan tez-tez xabarlar yozib turardim.Bir tomondan yozishga ishtiyoqmandligim bo'lsa,ikkinchi tomondan xabarlarim ostiga bosma harflar bilan tim qora rangda R.OBIDOV,deb imzomni qo'yishlari qiziqishimni yanada orttirar edi. Qishloqdagi maktabimiz ancha ko'rimsiz edi.Shu bois 1968 yillarda yangi ikki qavatli maktab binosi qurila boshlandi.Lekin u hadeganda bitavermadi.Shu bois "Tuya go'shti egan qurilish'' sarlavhali tanqidiy maqola yozdim.Tuman gazetining kelgusi sonida(u haftada 3 bor chiqardi)''Otbosgan go'zalar'' sarlavhali yana bir tanqidiy maqolam e'lon qilindi. Har ikki maqolam Yangiqo'rgon raykom byurosida muhokama qilinib,maqolalarda keltirilgan dalillar to'gri,deb topilgan va shu hududda rais bo'lgan dadamga partiya ''kartochka''siga (kartochka -varaq bo'lishi kerak.R.O)yozish sharti bilan hayfsan e'lon qilingan.Yangi maktab qurilishi esa jadallashib, ko'p o'tmay biz o'quvchilar ixtiyoriga topshirilgan. Dadam o'shanda mendan biroz ranjigan bo'ldilar-u lekin jahllari chiqmadi.''Umuman olganda to'gri yozgansan''dedilar.Hozir goho o'sha voqeani eslab,o'ylab qolaman.Men o'sha maqolalarni yozayotganimda ular dadamga qandaydir jazo tayinlashga xizmat qilishini bilmaganman.Mabodo bilganimda yozarmidim?Hozir bunga javob berolmayman.Lekin dadam o'shanda tanqidim uchun jazolaganlarida extimol men qalamkash bo'lmasmidim,deb o'ylayman. Ba'zi otalar ''bolam poshsholikning ishiga aralashma,o'zingni extiyot qil'',deyishadi.Mening dadam esa ''erkakmisan, doimo haq gapni aytgin'',deydilar. Ayniqsa hozir AQSHda yashayotgan Jaxongir Mamatovning Karimovga qarata aytgan so'zlarini eshitganlarida ''ey otangga balli,haqiqiy o'gil bola ekan'',deya ko'zlarida yosh qalqigandi.Menga qarab:ko'rdingmi haq gapni aytsang poshshoga yoqmasliging mumkin,lekin halqning nazarida to'gri qilgan bo'lasan.Poshshoning nazaridan qolsang qolginki,ammo halqning nazaridan qolma,degandilar. Ha,poshsholar o'tkinchi,lekin halq esa qolaveradi.Mana yana dangasaligim tutib qoldi.Qolganini keyin yozarman... Rizo Obid.
|