O’zbekiston osmonida ruhlari chinqirib yurgan begunoh otilgan insonlarni duo qiling! Andijonning ko’chalarida, Kunduzi ham kechalarida, Bekafanlar ruhi chinqirar, Ohlaridan osmon zirqirar. Ayol, go’dak, yoshu ham qari, Oddiy O’zbek haloyiq bari. Besh yuztami, mingtamidi jon, Sanog’i bir Ollohga ayon. Yurtda ko’plar izlashar hamon: Yaqinlari ketdilar qayon? Hech bir ayb qilmay ketdilar, Gunohlarin bilmay ketdilar, Bolalari yetim qoldilar, Onalari yig’i soldilar. Faqat bunga kelgani aybmi? Dardlarini degani aybmi? Qaydan yog’di o’qlar da’fatan? Nega yurtdan ketdi bekafan? Yog’iymi u kim oldi jonin, Ariqlarda oqizdi qonin? Kim ko’p ko’rdi nochor hayotin, “Terrorchi” deb so’ng qo’ydi otin? Og’ir mehnat so’ngi shumidi? Tushi emas o’ngi shumidi? Qay o’lkada tug’ilgan edi? Yurtboshisi boshini yedi! Askari o’z halqini otdi! Ko’hna olam dahshatda qotdi! Hatto osmon bag’rin tig’ladi, Sharros yomg’ir bo’lib yig’ladi. Nega yomg’ir yo’g’mading erta? Kafan bilan ketmadi yerga? Mayitlari qaysi chuqurda, Cho’ldami yo uzoqda qirda. Yaqinlari kelmasmi endi, Kelib duo qilmasmi endi? Hamon kelib maydonga yotar, Chizilishib yomg’irda qator, Kimlarnidir mushtoq kutadi, Shu alpozda yillar o’tadi. Qabri yo’qlar kutadi bizni, Kelmasak yer yutadi bizni. Yig’lamang ey aziz momolar, Qo’lni ochib qiling duolar. Bismillahir rohmanir rohiym, Olloh O’zing Rahmonu Rahim. Ruhlarini rahmat aylagin, Shahid ketgan kabi siylagin. Omin… Ahmad TURON.
|