3.SO‘Z SEHRI (Xayku xaqida ) * * * Hozirda Kanada mamlakatida muhojirotda yashayotgan vatandosh shoir va adib Xoldor Vulqon Yapon she’riyatidan 1983 yili tarjima qilgan asarlarni bizga yo´llabdi.Biz esa uni muhtaram o´quvchilar hukmiga havola etishni lozim topdik.
Tahririyat. * * * Xayku yolg‘izlikni kuylaguvchi ixcham san’at asari bo‘lib u tashvishlardan bezgan, noxaqliklardan, ozorlardan charchagan, g‘iybatlar paykonidan vujudlari g‘alvir, xorg‘in ruh egalarining chekinadigan uzlatgoxi, xilvatidir. Yapon shoirlari tabiat bilan uyg‘un umr kechirib xaykular yozish uchun roxiblar kabi janda kiyib, xassa tayanib yovvoyi kaptarlar g‘uvillayotgan kimsasiz dalalar ortida,tumanli tog‘ qishloqlaridagi chakalakzor o‘rmonlarda, vayrona ibodatxonalarning unut xarobalarida, yovvoyi gullar ochilib yotgan o‘ngirlarda yolg‘iz yashaganlar va go‘zal, o‘lmas asarlarni yozib qoldirganlar. Xaykularda ko‘p qirrali nimkosa ma’no, falsafiy mazmun yo‘q. Yapon shoirlari xaykular orqali go‘zal tabiat manzaralarini, yoxud narsalar xolatini yoki odamning muayyan ruhiy kayfiyatini aks etdirish orqali o‘quvchiga xayrat bag‘ishlaydi, tuyg‘ularini ibtidoiylashtirib tabiatga yaqinlashtiradi, insonning hissiyotlarini sun’iylik g‘uborlaridan tozalaydi.Xaykularda aks etdirilgan manzaralarni ko‘z oldingizga keltira olsangiz, tog‘dagi qishloqda oy chiqishini sarg‘ayib kuzatayotgan dexqonlar holatini,butazorlar ortidan ohista ko‘tarilayotgan to‘lin oyni ko‘rayotganday, chigirtkalar chirillashini eshitayotganday, bo‘lasiz. Tahayyul va tahayyur shu’lalariga yo‘g‘rilasiz. Quyida bundan olti asr avval yozilgan yapon xaykularini o‘z tarjimam orqali xukmingizga xavola qilarkanman ,shunday ajoyib yapon shoirlarining xaykularini va tankalarini ona tilimizga o‘girish menga ham nasib etgani uchun Janobi Haqqa hamdu sanolar aytaman.
Negaki, Payg‘ambarimiz Sarvari koinot Hazrati Muhammad Sallolloxu A’layxi Va Sallam o‘z xadisi muboraklarida marxamat qilib: -So‘zda sehr, she’rda hikmat bor - deganlar. Qolaversa , yapon shoirlari toju-taxt vasvasasi, fisqu fasod, shaxvoniyat va molu dunyo xirsidan yiroq o‘z xayku va tankalarida Ollox yaratgan dunyoning go‘zal manzaralarini aks ettirib bandalarga hayrat bag‘ishlaydi , insonlar qalbida Ollox qudratining tajallosi bo‘lgan tabiatning musaffo go‘zalligiga mexr - muhabbat uyg‘otadi .