Ризобек Воскресенье, 2024-05-19, 08.13.19
Приветствую Вас Гость | RSS
Главная | | Регистрация | Вход
Меню сайта
    Статистика

    Онлайн всего: 1
    Гостей: 1
    Пользователей: 0
    Форма входа

    Главная » 2009 » Апрель » 28 » Zamonaviy hajviya
    00.42.23
    Zamonaviy hajviya
    Bi-Bi -es mehmoni...

    Boshlovchi: Assalomu alaykum aziz teletomoshabinlar… e, uzr… radiotinglovchilar, mana yana siz bilan mana shu dargohda… tois… radioto`lqinlar orqali diydorlashib turganimizdan baxtiyormiz. Yana… uf… eshittirishimizning oti nimaydi.. ob-u havo… yo`q… kayf-u safo… buyammas, narx va navo, yo`g`-e, "nazm" va "navo" eshittirishini tinglayapsiz. Siz bilan efirda bulbuldek betinim bidirlovchi boshlovchingiz – Uch dablyu Nuqta BiBieS Nuqta Bek. Bugungi mehmonimiz sevimli xonandamiz pop, rep, jaz va gaz yulduzi, qizlarimiz erkasi, qo`shiqchilarimizning serkasi, san`atimizning ertasi… o, qofiyalarni qarang, quyilib kelishini… Xullas, O`zbekistondagi ko`plab to`ylarda xizmat ko`rsatgan yosh artist Kayf Ali Xonni taklif etganmiz. Marhamat, kutib oling. Shoshmang, undan avval reklamani dadaxo`jasidan tinglaysiz.

    Reklama: Bitta mulla, uch so`m pul, bir kalla qand va Bekorchi efem kanalida reklama. (muzika) "Kechalari tez-tez ko`rpani ho`llab qo`yasizmi, qattiqroq yo`talishga ham qo`rqib qolganmisiz, qovug`ingiz yarim yo`lda bo`shaganini his qilasizmi? Balki sizga kattalar uchun mo`ljallangan maxsus pampers kerakdir? Barcha muammolaringizning yechimi "Ashqol-Dashqol" firmasining sifatli pamperslarida. Oling va maza qiling".

    Boshlovchi: Kayf Ali Xon studiyamizga kirib keldilar, xush kelibsiz, janob Kayf Ali Xon, barcha muxlislaringiz sizga muntazir.

    Kayf Ali Xon: Vo`aleykeum, salom yoshlar, qalamqoshlar, salom xurmatli va xurmatsiz bekorchilar! Salom mani sevimli muxlislarim. Man-chi, hammeylani sevaman. Faqat studiyada zapis boridi-de, ushanga sal kech qoldim. A tak lyuboy vapros bo`sa, otvechat qilaman.

    Boshlovchi: Mana, aziz tomoshabinlar, sevimli xonandangiz bilan pryamoy efirdasiz, bemmalol o`z savollaringiz bilan murojaat qilishinglar mumkin. Telefonlarimizni bilasiz, VIP, kirish ham, chiqish ham bepul. Birinchi savolni men o`zim bermoqchiydim. Keyingi paytlarda nimalar ustida ishlayapsiz?

     

    Kayf Ali Xon: Yo`q, bolaligimda ko`pincha ko`rpacha ustida ish qilib qo`yardim. Hozir nima to`g`ri kelsa, shuning ustida ishlayapman, ba`zan gilamning ustida, ba`zan kresloning ustida, hech iloji bo`lmasa yerda ham ishluvramiz. Ijod yer tanlamaydi, oka!

    Boshlovchi: Savolimizni bir oz noto`g`ri tushundingiz. Men yangi ijod namunalaringiz, yangi qo`shiqlaringiz haqida so`radim.

    Kayf Ali Xon: Yo`q, shunaqa demaysizmi, bratan, endi qo`shiqlar haqida gapirsam, yaqinda rep usulida yap-yangi bir qo`shiq ishladik. Vapshe dahshat, qiyqiruv. Manchi, ruxsatiyla bilan o`sha qo`shig`imdan parcha aytib bermoqchiman.

    Boshlovchi: Marhamat!

    Kayf Ali Xon: Yo`q, O`v, san manga qaragin,

    Eshitvossanmi, sen kimingga ishonvossan,

    Gapingga atvechat qilasanmi?

    Yur, qani yur, yur, yur!

    O`ngga, chapga, baland pastda!

    Yes, yes, malades,

    Boshim qichiganda, hayot achiganda,

    Qayt, o`v, karmisan, qayt dedim.

    Milyon, milyon, xamilyon, limon,

    Opa, nega pochcham xapa?

    Xapa qilaman o`v, man krutoy, san krutoy,

    Yasha, tomdan tushgan tarasha!

    Boshlovchi: Yashang, muhtaram Kayf Ali Xon, juda ta`sirli va go`zal qo`shiq, har bir misrasida olam-olam ma`no mujassam. Bu qo`shiq barcha muxlislaringizning qalb mulkiga aylanib qolishiga ishonamiz. Endi muxlislarimiz bilan bog`lanamiz. Alyo, assalomu alaykum.

     

    1-tinglovchi: Alyo…

    Boshlovchi: Alyo, assalomu alaykum, deyapman!

    1-tinglovchi: Alyo…

    Boshlovchi: Vey, vaqt ketyapti, assalomu alaykum, kimsiz? Gapir, o`!

    1-tinglovchi: Alyo, men jinnixonaga tushdimmi?

    Boshlovchi: Yo`q, manimcha, siz jinnixonaga tushib bo`lgansiz. Uzr, aziz tinglovchilar shunaqasi ham bo`p turadi. Navbatdagi bekorchi… uzr, tinglovchi bilan bog`lanamiz. Marhamat.

     

    2-tinglovchi: Salomaleykum, nichiksizlar, janlimisizlar? Man Xudaybergan Jumaniyozov Xorazmning Xonqa rayoninan telefon etayotirman.

    Boshlovchi: Marhamat, yoshulli, siz efirdasiz.

    2-tinglovchi: Shundayinma? Maning avazimmi butun O`zbekiston eshityotirma?

    Boshlovchi: Marhamat, savolingiz bo`lsa bemalol berishingiz mumkin.

    2-tinglovchi: Dim yaxshi, man inshu… gurlanlik bir jo`rama, Eshimmat guppiga salomimni so`ylayajakman. Shu xarab mannan yeddi ming so`m qarz oluvadi, barmiyn duripti, manglayin qora, barsa barsin, esa, man uni qiyzina…

    Boshlovchi: Uzr, yoshulli, siz xonanda Kayf Ali Xon bilan yuzma-yuz turipsiz, sevimli qo`shiqchimizga savoliyz?..

     

    2-tinglovchi: Ay, xarab attinglar-da, sizlar, kim u Kayfali? Man mundiyn artisti tonimiman. Bu bola “Suvora”ni aytib bilama? “Feruz”ni bilama? Qo`ysangiz-a? Komiljon og`aning, Otajon og`aning, Ma`murjon og`alarming ashullalarinnan qo`ysangiz-a?

    Kayf Ali Xon: Yo`q, bratan, siz odammi nimaga xarip qivossiz? Siz mani ko`p unijat qimang, a tak, manam siz etgan bollani birortasini tanimiyman, manimcha, yengi chiqqan patsanlardan bo`sa kerey-de. Hech qanaqa suvarak-puvarakni bilmiyman. Lekin, Feruzzi bilaman, kollejda birga o`qiganmiz, ja shikalat narsa edi. Buyog`i to`qson-oltmish-to`qson…

    Boshlovchi: Uzr, diqqat qiling, marhamat, navbatdagi tinglovchimiz, allo, sizni eshityapmiz!

    3-tinglovchi: Alo`o`, assalomu alaykum, akajonlar, men Andijon shaxridan Alijon Mamjonov bo`laman. Ashi Anjan Jahon bozoridan sotkamdan chiqyappan, akalar, Kayf Ali Jonga bir savolim boridi.

    Boshlovchi: Marhamat, Alijon aka!

     

    3-tinglovchi: Ashi… Kayfali jon bor-u, shu atlari-chi, jichcha antiqada! Shu hind aktyori Sayf Ali Jonga jinday qarindashchiligiyla yo`qmi? Oma, rasa o`xshaysilar-da, bir-biriylaga!

    Kayf Ali Xon: Yo`q, rahmat oka, sovoliyz ja o`rinli. Man Sayf Ali Xongamas, Sayf Ali Xon manga o`xshiydi. Ismini ham xuddi manikiga o`xshatib olgan apiris. Endi… mayli-de, bolapaqir manga o`xshashshi orzu qilgan-de, orzuga ayb yo`g`-u!

    3-tinglovchi: Rahmat, Kayfalijon, oma o`zimam-chi, xuddi ashinaqa deb o`ylovdim. Yana bir savolim bor, akajonla, ashi, turklardi bir artisti bor-u, Ibrohim Tatlises, o`ziyam-chi, meni Ortig`ali amakimga rassa o`xshaydi. O`shani bir ashulasi bor, “Ollohim, neydi gunohim” degan. Ashiyam xuddi sizdi “Manda vapshe gunoh yo`q” degan ashileyzga o`xshaydikan-da, muzikasuyam, so`zlariyam ja o`xshaydi. Mobodo sizzi ashileyzzi o`g`irlamaganmi?

    Kayf Ali Xon: Yo`q, mumkin oka, mumkin, mani qo`shiqlarimni ko`pchilik o`g`irliydi. Manimcha, o`sha Ortig`ali Tatlises … tois Ibrohim amakiyz mani qo`shig`immi aytib mashhur bo`moqchilar. Etib qo`ying lekin, qattiq xapa qilaman.

    3-tinglovchi: O`zimam xuddi ashinaqa deb o`ylovdim. Oma -chi, siz bu ashullani kecha aytib chiqdiyz-da, Kayfalijon. Ibrohim Tatlises o`n yil oval aytgan-da! Men ashinga tushunolmayappan.

    Kayf Ali Xon: Yo`q, o`v, oka, siz nimaga man bilan razbor qivossiz? A tak, kimiyzga ishonasiz? Man krutoyman, o`? yes, yes, malades! O`ngga, chapga, balandda, pastda!

    Boshlovchi: Itimos, o`zingizni qo`lga oling, biz esa navbatdagi tinglovchini efirga ulaymiz, alyo, marhamat!

     

    4-tinglovchi: Assalomalayko`o`m, qannog`sila, akala! Yaxshi o`tturupsilami? Zichlopsilami?

    Boshlovchi: Marhamat, o`zingizni tanishtiring, ismingiz-familyangiz, ishliysizmi, o`qiysizmi?

    4-tinglovchi: Man Ergaship Ulash Samarqanni Urgut rayonidan. Hich qayerga o`qimayman, ishlamayman. O`qishdiyam, ishlashdiyam xolamayman. Ishimiz savdo-da, Bishkektan yuk opkelamiz. Shu moliya bilan departamen yamon xit qiloptu, xich savdo qigani qo`ymopti-da, "patening qani" deydu. "Dakument qani" deydu, boshtu qoturpotu-da! Nima qilluk enni, shulardi bir radiyoga tanqit qilish kerak-da!

     

    Boshlovchi: Uzr, Ulashjon uka, bu "Moliya va kredit" eshittirishi emas. Biz xonanda Kayf Ali Xon bilan to`g`ridan – to`g`ri muloqot o`tkazyapmiz. U kishiga savollaringiz bo`lsa, marhamat.

    4-tinglovchi: E, a shunnog` demaysilami? Kayfali aka, ishla zo`rmi? Mani taniyopsizmi? Ho`, Kamangaronga to`yga kelgan paytingizga ming so`m pul qistiruvdim.

    Kayf Ali Xon: Yo`q, man qattan bilaman, kuniga uch-to`rtta to`yga boraman-u, har qanaqa odamni eslab qoluvramanmi?

    4-tinglovchi: E, yashang aka, yashang. Shu manam yaqinda xotun olaman. To`yimga chaqiraman-da, lekin kemasangiz, qarang, ko`rasiz.

    Kayf Ali Xon: Yo`q, soqqasiga chidaseyiz boruvramiz-de!

    4-tinglovchi: Joniyiz sog` bo`sun, aka, kerak bo`sa, dollar bilanam hisob-kitop qileramiz.

    Kayf Ali Xon: Yo`q, vey, nima divossiz, a tak, dollar hozir modadan qolgan-uv, faqat evro bilan hisoblashvobbiza!

    4-tinglovchi: E, qon bo`mang, topamiz. Aytgancha, bo bitta savol boda, nimaga hamma gapiyizdi boshiga "yo`g`-yo`g`" deyverasiz?

     

    Kayf Ali Xon: Yo`q, o`v bratishka, sanga kim aytdi shunaqa gappi? Man vapshe bunaqa demaganman, bildingmi? A tak, man sindiraman, yo`q-yo`q-yo`q, qornim to`q.

    Boshlovchi: Ha, aziz tinglovchilar, "hisobli do`st ayrilmas", oldindan ishni pishitib olish – muvaffaqiyat garovi. Keling, shu o`rinda bitta reklama tinglab maza qilsak-da, keyin yana suhbatimizni davom ettirsak.

     

    Reklama: O`g`lim, haytovur sen eshitdingmi-yo`qmi, biz seni ustingdan bir ish qilib qo`ydik. Seni Bekorchi efemda reklama qilmoqchimiz. (musiqa) "O`-o`tiribsiz, Kayf Ali Xonning qo`shig`ini eshitib, boshqalar sizning mashinangizning balonini yechib ketishyapti. Undan ko`ra lotereya o`ynamaysizmi? "Puxtagarang" lotereyasining navbatdagi tirajida o`nta otashkurak, yigirmata obdasta, o`ttizta xokandoz, qirqta oshqovoq, ellikta nosqovoq o`ynalmoqda. Omadingizni sinab ko`ring, vey, haliyam o`tiribsanlarmi, tur-e hammang".

     

    Boshlovchi: Mana, aziz mehmonlar va mezbonlar… uff, yana chalg`idim, mana, ajoyib reklamadan bahramand bo`ldik, endi navbatdagi muxlisimizni efirga ulaymiz, qani, marhamat…

    Kayf Ali Xon: O`v, oka, insof bormi sizda? Bir soatdan beri boshimni qotirvossiz-u… Man ketishim kerak. To`yga kech qovomman. Mani har minutim pul turadi, oka, pul, bo`pti, xayr.

     

    Boshlovchi: Mana, aziz muxlisu muxlisalar, bugungi kayf va safo, e, o`la… “nazm va navo” dasturida eng sevimli xonandamiz Kayf Ali Xon bilan hamsuhbat bo`lib, maroqli hordiq chiqardingiz. Buning uchun hammangizning nomingizdan o`zimga va boshqalarga rahmat aytib qolaman. Xayr, omon bo`linglar.

    Iqbol HUMOYUN.
    Жойлади: Маъмур
    Всего комментариев: 0
    Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
    [ Регистрация | Вход ]
    Copyright MyCorp © 2024
    Сайт управляется системой uCoz