Ризобек Суббота, 2024-05-18, 23.19.46
Приветствую Вас Гость | RSS
Главная | | Регистрация | Вход
Меню сайта
    Статистика

    Онлайн всего: 1
    Гостей: 1
    Пользователей: 0
    Форма входа

    Главная » 2009 » Май » 10 » Hajviya
    00.31.48
    Hajviya
    TELEFON

    Darmonqul endi ishini topdi. Shaharda yura-yura axiyri yana qishlog`iga qaytib, kichikroq bo`lsa-da, xususiy shifoxona ochib oldi.

    Yaxshi bo`ldi. O`qishni bitirgan yili poytaxtda qolishga xo`p urinib ko`rdi. Biror joydan tuzukroq ish topilmadi. Viloyat markazida ham boshini silaydigan mard topilmadi.

    U eski klub binosini qarz-havola qilib epaqaga keltirdi. U yer-bu yerdan zarur tibbiy asbob-uskunalarni topib keldi. Qabulxonasini binoyidek qilib qo`ydi. Hatto, o`ziga yordamchi ham topdi.


    Shotirali qo`l-oyog`i chaqqongina bola ekan. Aytgan ishini quloq qoqmay bajaradi.

    Xullas, hamma ish bitdi. Hujjatlar taxt. Bitta telefon o`tkazsa, olam guliston. Uniyam bir-ikki kunda hal qilsa kerak. Tuman aloqa bo`limi raxbariyati bilan ham uchrashib, "salom-aligi"ni qoyillatib qaytdi. Endi faqat mijozlarni ko`paytirish, ularga o`zini kim ekanini, nimalarga qodirligini ko`rsatib qo`ysa, kifoya. Demak, reklamaga zo`r berish kerak. Reklama esa har doim haqiqatga uyg`un kelishi shart emas.

    Ertaga birinchi ish kuni. U yordamchisi Shotiralini chaqirib, nimalar qilishi lozimligini yaxshilab tushuntirdi.

    - Sen, birinchidan, kimligingni yaxshilab bilib ol. Kichkina odam emasman. Kelganlar bilan o`ta jiddiy ohangda gaplash. Kim kelsa, to`g`ridan-to`g`ri qabulimga kiritavermasdan, "Hozir band edilar, besh-o`n minutda bo`shab qoladilar", degin. Oldin huzurimga kirib, kim kelganini, ism-sharifini, yoshi, kasb-kori, yurish-turishi qanaqa ekanini, kiyimi qanaqa ekanini ayt, tushundingmi? Keyin shunga qarab muomala qilamiz.

    U yana ikki-uchta muhim topshiriqni yordamchining qulog`iga quyganidan keyin takabbur rahbarlarga xos viqor bilan o`zi hozirlagan hujrasini ko`zdan kechirishga tushdi. Egniga oq xalatini ildi va joyiga o`tirib, mijozlarning yo`liga ko`z tika boshladi. Nimadir yodiga tushib, darhol chaqiruv tugmasini bosdi. Yordamchi yugurib kirdi.

    - Ayt, nogironlarni, Afg`on urushida xizmat qilganlarni navbatsiz o`tkazib yuborishsin.

    - Darmonqul aka, -dedi yordamchisi miyig`ida iljayib.- Hali it ham kelgani yo`q-ku, navbat qayerdan bo`ladi?

    Darmonqul shogirdini o`xshatib so`kib berdi.

    - Hah, baribir qishloqiligingga borasan-da! Xo`p, hozir ehtimol, hech kim yo`qdir. Erta bor, indin bor. Hali ko`rasan. Odamlarni sig`dirishga joy topolmay qolasan.

    Shotirali indamay, bosh egibgina chiqib ketdi. Baribir peshinga qadar pashsha qo`rib o`tirishga to`g`ri keldi. Bir payt Darmonqulning yoniga yordamchisi hovliqib kirdi.

    - Bittasi keldi. Kiyinishi tuzuk. O`zi yoshgina yigit.

    Darmonqul shartta o`rnidan turib, yon tarafda turgan oynaga o`zini solib, u yer-bu yerini to`g`rilagan bo`ldi.

    - U kirib kelganida menga nima deyishni bilasan-a?

    Shotirali bosh irg`ab, chiqib ketdi. Ko`p o`tmay xonaga baland bo`yli, qosh-qovoqli yigit salmoqli qadam tashlab kirib keldi. Darmonqul salobat bilan bosh irg`ab so`rashgan bo`ldi va imo bilan o`tirishga joy ko`rsatdi. Shu payt eshikdan Shotiralining boshi ko`rindi.

    - Darmonqul aka, boya aytish esimdan chiqib ketibdi. Sizga boya obilizdirapdan… keyin nimaydi… hali o`zingiz aytdingiz-ku… min… min…

    Darmonqulning peshonasi tirishdi. Hozir qovun tushirib qo`ymasa edi.

    - Minzdravmi?-dedi zimdan yordamchisiga qovoq uyub.

    - Ha, o`sha… minizdirapdan, keyin tuman pirakraturasidan qo`ng`iroq qilishuvdi. Shuni aytib qo`ymoqchi edim.

    "Hatto, so`zlarni tuzukroq talaffuz qilishni ham bilmaydi bu so`tak", dedi Darmonqul ichida va "stsenariy"ni kelgan yeridan davom etishga tushdi.

    - Xo`sh, tuman prokurori… kechayam telefon qiluvdi. Shamollab qolgan ko`rinadi. "Yaqin- atrofda sizdan o`tadigani yo`q, o`zingiz bir ko`rib qo`ysangiz", degandi. Ha, kerak bo`lsam, yana telefon qiladi, - dedi xuddi o`ziga-o`zi gapirayotganday. – "Oblzdrav" endi o`zimizning idora. Vazirlik bilan bir bog`lanib ko`raylik. – U shunday deya qabulidagi yigitga yuzlandi: - Endi uka, shu, besh daqiqa kutasiz. Men ustozdan hol-ahvol so`rab qo`yay.

    Yigit indamay bosh irg`ab qo`ya qoldi. Darmonqul hali tarmoqqa ulanmagan, simi stolning yon tarafidan pastga tushib turgan telefon go`shagini ko`tarib, to`g`ri kelgan tugmachalarni bosib tashladi.

    - Allo, bu vazirlikmi? Singlim, Hakimjon Hakimovich bormilar? Kimsiz deysizmi? Ishingiz bo`lmasin. Kirib ayting xo`jayinga, "trubkani olarkansiz, Darmonqul akam aytdilar", deng. – U yana qovoq uyub, shu gaplarni aytgancha, jilmayib, qabulidagi yigitga yuzlandi: - Bu rahbarlar shunaqa-da, har kim bilan gaplashavermaydi. Kotibalari ham o`ziga o`xshagan pishiq-puxta. Hammaniyam boshliqqa ulab berishaverishmaydi. – So`ng birdan jiddiy qiyofaga kirib, telefon go`shagini qulog`iga yaqinroq tutdi. – Allo, assalomu alaykum, Hakimjon aka. Ishlar qalay? Yaxshi, Xudoga shukr. O`ziz charchamay yuribsizmi? A, bizmi? Ha, endi, to`g`ri! Poytaxtdan o`zim ketib qoldim. Uzr, sizning gapingizni olmaganimdan xijolatdaman. To`g`ri, aytdingiz, menga o`xshagan tajribali kadrlar hamma joyda kerak. Lekin o`zimiz tug`ilib o`sgan yurtning odamlariga ham foydamiz tegsin, dedik-da! Bu… ha, ha! Yangi ochilgan shifoxonada bugundan ish boshladik. Yo`g`-e, ja oshirib yubordingiz, biz u darajada katta do`xtir emasmiz. Yo`q, hech qanaqa muammo yo`q, raxmat.

    U go`shakni qo`yarkan, yana uzrli jilmaygancha qabulida o`tirgan yigitga yuzlandi:

    - Zo`r odam-da! Bizga ja ixlosi baland. "Yurtimizda sizga o`xshash qo`li yengil shifokorlar kam", deydi. Mayli-da, endi, shuni munosib ko`ribdi. Endi… xo`sh, og`ayni, ikki daqiqa. Shundoq telefonda viloyatga chiqib, boshqarma boshlig`i bilan ham gaplashib qo`yay. Keyin siz bilan bemalol…

    - Mayli, unda bemalol gaplashavering, bizga ruxsat, -dedi haligi yigit eshik tomon yurarkan.

    - I-i, - dedi Darmonqul go`shakni shartta joyiga qo`yarkan. – Namuncha shoshqaloqsiz? Bo`ldi, o`tiring, qani. Gapiring, nima bezovta qilyapti?

    "Bemor" o`tirmadi:

    - Hech qayerim og`riyotgani yo`q, -dedi sovuqqonlik bilan. – Meni tuman aloqa bo`limidan yuborishgandi. "Ishxonamga telefon o`tkazaman", degan ekansiz. Kelganimdan beri gaplashib yotibsiz-ku! Bo`ldi, men qiladigan ish yo`q ekan bu yerda!

    Darmonqul og`zi lang ochilgancha qaqqayib qoldi…

    Rustam JABBOROV.
    Жойлади: Маъмур
    Всего комментариев: 0
    Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
    [ Регистрация | Вход ]
    Copyright MyCorp © 2024
    Сайт управляется системой uCoz